OnePlus One – 300$ evaziga maksimal ko‘rsatkichlarga ega smartfon

Shu yilning 23-aprel kuni smartfonlar bozoridagi o‘yin qoidalarini o‘zgartirishi kutilayotgan hamda bir necha haftadan beri mish-mishlar tarqalayotgan qurilmaning rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Xitoyning OPPO (bu sizga Oppa Gangnam Style emas J) kompaniyasi sobiq rahbari tomonidan asos solingan yosh OnePlus kompaniyasi o‘zining ilk qurilmasi – Android asosida ishlovchi OnePlus One bayroqdor smartfonini ommaga taqdim etdi. Ushbu smartfon katta ehtimollik bilan 2014-yil uchun “Yil smartfoni” nomiga sazovor bo‘lishi mumkin.

OnePlus One smartfoni

OnePlus One smartfoni

OnePlus One smartfonining eng asosiy o‘ziga xos jihati – uning narxidir. Yangilik bozorga 300$ narxda chiqariladi – o‘zining texnik ko‘rsatkichlariga nisbatan olinganda juda-juda yaxshi narx. Unchalik qimmat bo‘lmagan ushbu narxga siz 5,5-duym ekran, to‘rt yadroli baquvvat Qualcomm Snapdragon 801 protsessorli, xullas hozirgi kunda yirik ishlab chiqaruvchilar taqdim etgan bayroqdor smartfonlarda mavjud barcha xususiyatlarga ega smartfonni qo‘lga kiritasiz.

OnePlus-One-01

Uning yagona arzimas kamchiligi shundaki, smartfonning standart 16 gigabaytlik versiyasida (narxi – 300$) tashqi xotira uchun microSD-karta teshigi mavjud emas. Ammo, bu narxga atigi 50$ qo‘shib, smartfonning 64 gigabaytlik versiyasini sotib olishingiz mumkin. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, boshqa ishlab chiqaruvchilar 50$ evaziga 32 GBdan ortiq ichki xotira qo‘shmaydi.

OnePlus-One-03

Eslatib o‘taman, Android asosida ishlovchi premium-telefon ishlab chiqarish g‘oyasi aslida Google kompaniyasiga tegishli. Biroq, uning so‘nggi Nexus 5 smartfoni narxi 350$ bo‘lsa-da, apparatning batareyasi va kamerasi maqtagulik darajada emas. Avvalroq xabar qilingandiki, Google ushbu Nexus 5 smartfonlarini zarar evaziga sotgan, chunki shunaqa texnik ko‘rsatkichli telefonlar narxi, odatda, bundan ikki barobar qimmat bo‘lardi.

OnePlus kompaniyasi, o‘z navbatida, hatto Samsung Galaxy S5 texnik ko‘rsatkichlaridan ham yaxshiroq smartfonni uning deyarli yarim narxiga taklif qilmoqda.

Apparatda amallarni bajarish sifati bo‘yicha OnePlus One smartfonini HTC One (M7 va M8), Sony Xperia Z2 va Apple iPhone 5s qatoriga kiritish mumkin.

OnePlus-One-05

OnePlus One juda boy dizayn va ajoyib tashqi ko‘rinishga ega smartfon bo‘lib, unda hatto mayda narsalarga ham e’tibor qaratilgan – masalan, telefonning old tomonida foydalanuvchini ekrandan chalg‘ituvchi hech qanday yozuv yoki kompaniya timsollari mavjud emas. Bundan tashqari, uning ekrani diagonali 5,5-duym bo‘lsa-da, displey chekkalaridagi joy judayam yupqaligi bois, u ko‘rinishidan 5-duymlik smartfonlarga o‘xshaydi. Shuning uchun ham, uni bemalol bir qo‘lda tutish va ishlatish mumkin.

OnePlus One smartfoni o‘zining texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Samsung Galaxy S5, HTC One M8 va Sony Xperia Z2 kabi apparatlar bilan bemalol bellasha oladi, ba’zi o‘rinlarda ulardan o‘zib ham ketadi. Unga xuddi Galaxy S5 smartfonikidek 4 yadroli hamda 2,5 Ggs chastotali Qualcomm Snapdragon 801 protsessori o‘rnatilgan; apparatning yig‘ilishi va dizayni xuddi HTC One M8 smartfonidek. Uning orqa asosiy kamerasi 13-megapikselli bo‘lib, u Sony Exmor IMX214 sezgichi, ikkitalik LED-chaqnoq bilan ta’minlangan; 4K formatidagi (3 840 x 2 160) video yoza oladi. f/2.0 difragmasi esa past yorug‘likli holatlarda ham suratga olish imkonini beradi. Smartfonning oldiga esa 5-megapikselli kamera o‘rnatilgan.

OnePlus-One-06

Smartfonning 5,5-duymlik LTPS IPS LCD ekrani sig‘imi 1920 x 1080 bo‘lib, piksellarning zichligi 401 ppi hamda Corning Gorilla Glass 3 himoya oynasi qoplangan. OnePlus One smartfoniga Adreno 330 grafik protsessori ham o‘rnatilgan; 3 gigabaytlik LP-DDR3 tezkor xotirasi (operativ xotira) o‘rnatilgan; 4G LTE, Wi-Fi 802.11 b/g/n/ac, Bluetooth 4.1, NFC, GPS va GLONASS standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon o‘lchamlari 52,9 x 75,9 x 8,9 millimetr bo‘lib, vazni – 162 gramm. Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, apparatning batareyasi sig‘imi 3 100 mA/soat bo‘lib, u to‘liq quvvatlangan holatda bir kundan ortiqroq foydalanish uchun bemalol yetadi.

OnePlus-One-04

Dasturiy ta’minot masalasiga kelsak, ushbu smartfonga Android 4.4 KitKat asosida tayyorlangan CyanogenMod 11S dasturiy qoplamasi (proshivka) qo‘yilgan. Eslatib o‘taman, CyanogenMod dasturiy qoplamasida boshqa Android versiyalarida yo‘q bo‘lgan ba’zi xususiyatlar mavjud – masalan, foydalanuvchi interfeysi uchun mavzular va yorliqlar (ikonkalar). U OnePlus One smartfoni va CyanogenMod asosida ishlovchi yoki TextSecure bilan mos boshqa qurilmalar o‘rtasida SMS xabarlarni kodlash (shifrlash) xususiyatiga ham ega.

Undagi Privacy Guard funksiyasi smartfondagi dasturiy ilovalar foydalanuvchi ma’lumotlaridan qay tarzda foydalanayotganini kuzatish imkonini beradi. OnePlus One smartfonini ovozli buyruqlar yordamida boshqarish hamda navigatsiya uchun virtual yoki sig‘imli tugmalardan birini tanlash mumkin.

OnePlus-One-07

Yosh OnePlus kompaniyasi o‘zining ilk smartfoni uchun antiqa marketing strategiyasini ham ishlab chiqdi. Ulardan biri Smash deb nomlangan dastur bo‘lib, unga muvofiq 25-apreldan boshlab o‘zining hozirgi kunda tutayotgan bayroqdor smartfonini (Samsung Galaxy S5, HTC One M8, Apple iPhone 5s va boshqalar) birinchilardan bo‘lib sindirgan 100 ta odam yangi OnePlus One smartfonini atigi 1$ evaziga qo‘lga kiritadi. Bu jahon miqyosida olib qaraganda juda yaxshi reklama vositasi, lekin shaxsan men sizlarga bunday qilmasligingizni maslahat bergan bo‘lardim.

OnePlus-One-08

Smartfon dastlab Avstriya, Belgiya, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Gongkong, Italiya, Niderlandiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya, Tayvan, Buyuk Britaniya va AQSH mamlakatlarida sotuvga chiqariladi. Keyinchalik ushbu ro‘yxat yanada kengayishi kutilmoqda.

Smartfonning oq rangli (Silk White) 16 gigabaytlik versiyasi 299$ (269 yevro), qora rangli (Sandstone Black) 64 gigabaytlik versiyasi esa – 349$ (299 yevro) narxda taklif qilinadi.

2 Comments OnePlus One – 300$ evaziga maksimal ko‘rsatkichlarga ega smartfon

  1. bahriddin

    Buni ko’rgan Google: Don’t be evil desa,
    Apple esa Genri Fordning: “Agar odamlarga qo’yib berganimizda, ular bizdan tezroq yuguradigan otni talab qilishardi” degan mashhur gaplarini pesh qilishadi. Shaxsan o’zim har ikkalasiga ham qo’shilaman. Bunaqa “shapaloq” telefonlardan juda charchadim.

    Reply

Leave a Reply to samsung galaxy s4 Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

You may use these HTML tags and attributes: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>